O'zb
O‘zbekistonda Kundalik raqamli platformasidan foydalanish darajasi 50 foizga yetdi
9 yanvar 2023

“Kundalik” qo‘llab-quvvatlash xizmatiga bo‘layotgan murojaatlar, sharhlar va xabarlar e’tiborsiz qolmaydi va diqqat bilan tahlil qilinadi. Joriy yilda foydalanuvchilarni eng ko‘p qiziqtirgan savollar - saytning texnik imkoniyatlari, yangi xizmat va funksiyalarni yaratish, viloyatlardagi maktab o‘qituvchilarining raqamli savodxonligini oshirish zarurligiga taalluqli bo‘ldi. Mazkur maqolada qanday ishlar amalga oshirilgani va O‘zbekistonda xalq ta’limini raqamlashtirish ko‘rsatkichlari qanday o‘zgargani haqida batafsil tanishib chiqishingiz mumkin.

Loyihaga sarmoyalar

2022-yilda “Kundalik” maksimal yuklamalarni hisobga olgan holda foydalanuvchilarning qulay ishlashi uchun zamonaviy yuqori texnologiyali Dell uskunasini sotib oldi. Uskunalar “O‘ztelekom” ma’lumotlarni qayta ishlash markaziga o‘rnatildi. Shuningdek, Xalq ta’limi vazirligi bilan tuzilgan DXSh kelishuvi doirasida maktablarni texnik jihozlash uchun mablag‘ ajratildi.

“Kundalik” rivojlanishining yangi bosqichlari

Joriy yilda “Kundalik” saytining “Ilovalar” bo‘limida “O‘zlashtirish tahlili” xizmati ishga tushirildi. Ilova - bolaning bilimi va maktabdagi yutuqlarining batafsil tahlilini, fanlar bo‘yicha reytingini taqdim etadi.  

“Kundalik”ning tijorat xizmatlari uchun “Humans” va “UPay”dan keshbek olish imkoniyati qo‘shildi.

Ota-onalar va o‘quvchilar uchun o‘tgan yili taqdim etilgan Kundalik.Family ilovasi 1 milliondan ortiq marotaba yuklab olindi. O‘qituvchilar internetga ulanmasdan ham ishlashlari mumkin bo'lgan Kundalik.Teacher ilovasidan har oy 240 mingdan ortiq o'qituvchilar foydalanadi. “Similarweb” bergan ma’lumotlarga ko‘ra, “Kundalik” O‘zbekistondagi barcha saytlarning mashhurlik reytingida uchinchi o‘rin ni egallab turibdi.

2022-yil yanvar-dekabr oylari uchun rivojlanish dinamikasi

“Kundalik” platformasi O‘zbekiston hududlarida faol joriy etilmoqda. Elektron jurnal va kundaliklardan foydalanishning eng yuqori ko‘rsatkichlari: Namangan, Xorazm, Jizzax, Sirdaryo, Buxoro viloyatlarida qayd etilgan. 2022-yilda “Kundalik” metodistlari O‘zbekistonning barcha viloyatlarida 83 ming nafar o‘qituvchilar, tuman, viloyat va XTV xodimlari uchun 1900 ta yuzma-yuz va onlayn seminarlar o‘tkazishdi. Platformani yanada kengroq tatbiq etish uchun viloyatlardagi maktablarda onlayn va oflayn seminarlar ham o‘tkaziladi.

Kundalik.Family ilovasida baholar va uy vazifalari haqidagi bildirishnomalarni ko‘rish 52 foizgacha oshdi.

Qo‘llab-quvvatlash xizmati mutaxassislari elektron pochta, telefon va Telegram-boti orqali 60 000 dan ortiq so‘rovlarga javob berishdi.

Yangi yilda EdTech sohasini yangi bosqichga olib chiqishga yordam beradigan, Oʻzbekiston Prezidentining 2022-yil 20-dekabrdagi Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida eʼlon qilingan maktab taʼlimidagi islohotlarga hissa qoʻshadigan yangi imkoniyatlar va xizmatlar yaratish rejalashtirilgan.