O'zb
Fizika o‘qituvchisi tavsiya etadi: o‘quvchilarni motivasiyaga yo'naltirishning 6 ta usuli
30 oktabr 2020

Bolalarda motivasiyaning yo‘qligi – pedagogni o‘ylantiradigan asosiy muammolardan biri. O‘quvchini qanday qilib fanga qiziqtirish mumkin? Masofaviy ta'limdan so‘ng bolalarga yangi bilimlarni o‘zlashtirishda qanday yordam bersa bo‘ladi? Toshkent shahridagi 64-sonli maktabning fizika fani o‘qituvchisi Asiya Faizova o‘zi qo‘llaydigan o‘quvchilarni motivasiyaga yo'naltirish usullari haqida so‘zlab berdi.

Men 1971 yildan buyon maktabda ta'lim beraman, bir umr bolalar bilan ishlab kelyapman. Men uchun o‘qish jarayoni shunchaki ish emas. Doim bolalarni motivasiyaga yo'naltirishga harakat qilaman, ular o‘quv materialini shunchaki yodlab olishlarini emas, balki tushunishlarini va eslab qolishlarini istayman. Men dars paytida qo‘llaydigan metodlar boshqa fanlar o‘qituvchilari uchun ham asqotadi, deb o‘ylayman. Chunki asosiy vazifamiz – bolalarni qiziqtirish va bilimlarni ularga tushunarli bo‘lgan formatda taqdim etish. Quyida o‘zimning asosiy motivasion mashqlarim bilan o‘rtoqlashmoqchiman.

Qizil tasmachalar

Oldindan qizil qog‘ozdan tasmachalar qirqib olaman. Har bir to‘g‘ri javob uchun o‘quvchi bitta tasma oladi. O‘quvchi tasmani qo‘lga kiritganda, o‘z sa'y-harakatlarining moddiy natijasini his qiladi. O‘quvchi uch va undan ortiq tasmaga ega bo'lganda baho qo‘yiladi.

Kartochkalar

Ushbu metod formulalar, harfli belgilar, o‘lchov birliklarini eslab qolish uchun juda qo‘l keladi. Uning mohiyati shundaki, o‘quvchilar uyda kartochkalar tayyorlaydi, ularning old tomoniga kattalik nomi va uni ifodalaydigan harf, orqa tomoniga esa o‘lchov birligi yozadi. Bunday kartochkalar yordamida formulalarni tuzish va eslab qolish mumkin.

Blis-so‘rovnoma

Qisqa va tez javob berishni talab qiladigan savollar tuziladi. Jami beshta savol beriladi, javoblarning to‘g‘riligi va to‘liqligiga qarab baxo qo‘yiladi.

Marafon

8 va 9 sinf o‘quvchilari uchun o‘rtacha murakkablikdagi savollar tuziladi. Bo‘lg‘usi musobaqadan bir hafta oldin savollarni o‘quvchilarga tarqataman. Ular uyda tayyorlanishadi va belgilangan kuni dars paytida stolimdagi savol raqamini tanlashadi, unga javob berishadi va og‘zaki javobdan so‘ng doskada yechish uchun masala raqamini tanlashadi.

Qizil bayroqchalar

Qizil bayroqcha — bu sinfdagi faollik uchun mukofot. Agar o‘quvchi keyingi darslarda faolligini pasaytirsa, unda bayroqcha berilmaydi. Bunday rag‘batlar soni chorakda bahoni yaxshilash imkonini beradi.

Elektron kundalik

Maktabimizda elektron jurnal va kundaliklar joriy etilishi bilan o‘quvchilar yanada mas'ulroq bo‘la boshlashdi. Ular elektron jurnaldagi bahoni yo‘q qilishning imkoni mavjud emasligini tushunishadi, shu bois uyda darsga yaxshiroq tayyorlanishga harakat qilishadi, ko‘proq faollik ko‘rsatishadi. Ota-onalar Kundalik tizimida barcha baholarni ko‘rib turishi ham bolalarning sa'y-harakatlariga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi. Nazarimda, elektron kundalik – bu bilim olish sifatiga ijobiy ta'sir ko‘rsatuvchi o‘quvchilarni motivasiyaga yo'naltirishning samarali usulidir.